Delegatsiyamizning Tokio-2020 Olimpiya o‘yinlarida bayroqdori o‘zgargani yuzasidan rasmiy bayonot
Yana bir ozdan so‘ng Tokiodagi “Olimpiya” stadionida XXXII yozgi Olimpiya o‘yinlarining rasmiy ochilish marosimi start oladi. O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi ushbu tadbirda delegatsiyamiz bayroqdorlarining o‘zgargani yuzasidan rasmiy bayonotni maʼlum qiladi.
Ertadan Tokio-2020 Olimpiya o‘yinlari doirasida hamyurtlarimiz o‘z ishtiroklarini boshlashadi. Avval MOQ tomonidan bo‘lajak Olimpiya o‘yinlarida bayroqdorlarimiz bokschi Bobousmon Baturov hamda sport gimnastikasi vakili Oksana Chusovitina bo‘lishi maʼlum qilingan edi. Reglamentga ko‘ra, sport gimnastikasi va boks bahslari 24-iyuldan boshlanadi. Oksana Chusovitina esa 25-iyul kuni saralash bosqichida qatnashadi. Shu boisdan Tokio-2020 shtabi va federatsiya rahbarlari bilan maslahatlashgan holda hamyurtlarimiz Oksana Chusovitina hamda Bobousmon Baturovni ortiqcha toliqtirmaslik maqsadida starti keyinroqqa to‘g‘ri keladigan boshqa nomdor vakillarimiz, bokschimiz Bahodir Jalolov va taekvondochi Nigora Tursunqulova delegatsiyamiz bayroqdori bo‘ladigan bo‘ldi. Bu bo‘yicha yakuniy qaror 21-iyul kuni qabul qilindi.
Ochilish marosimida ishtirok etish katta vaqt oladi. Unda uzoq muddat tik oyoqda turish va shaharchaga kech qaytilishini inobatga olish zarur. Maʼlumot uchun, Nigora Tursunqulova 26-iyul kuni bahslarga kirishsa, Bahodir Jalolov 29-iyuldan o‘z ishtirokini boshlaydi. Shu bois ularning tiklanib olishi uchun vaqt nisbatan ko‘proq.
Hamyurtlarimizdan vaziyatni to‘g‘ri baholab, bo‘lajak Olimpiya o‘yinlarida terma jamoamiz vakillarini doimo qo‘llab-quvvatlab turishlarini so‘rab qolamiz.