Oʻzbekiston ilk bor OOK Bosh Assambleyasini qabul qiladi
Bu haqida Osiyo Olimpiya Kengashining (OOK) 45-Bosh Assambleyasida maʼlum qilindi. OOK Bosh direktori Husayn Al Musallamning Bosh Assambleyani 2026-yil Toshkent shahrida oʻtkazish boʻyicha taklifi yigʻilish ishtirokchilari tomonidan bir ovozdan qoʻllab-quvvatlandi. Bu yurtimizda sport va Olimpiya harakatiga boʻlgan yuqori eʼtibor va xalqaro maydondagi nufuzini yana bir bor tasdiqlaydi.
Maʼlumki, Bosh Assambleya — Osiyo Olimpiya Kengashining eng yuqori boshqaruv organi boʻlib, unda qitʼamizning 45 mamlakat Milliy Olimpiya qoʻmitalari vakillari qatnashadi. Unda Osiyo sportiga oid muhim qarorlar, qitʼadagi sport siyosati va istiqbolli yoʻnalishlar muhokama qilinadi.
Eslatib oʻtamiz, 2022-yilda Toshkent OOKning Ijroiya qoʻmitasi yigʻilishiga muvaffaqiyatli mezbonlik qilgan edi.