12 May 2025 736

Oybek Kasimov Kirsti Koventri bilan uchrashdi

Kuvayt shahrida boʻlib oʻtayotgan Osiyo Olimpiya Kengashining (OOK) 45-Bosh Assambleyasi doirasida Oʻzbekiston Milliy Olimpiya qoʻmitasi Bosh kotibi Oybek Kasimov xalqaro sport tashkilotlari vakillari bilan faol muloqotlar olib bormoqda.

Xususan, O.Kasimov Xalqaro Olimpiya Qoʻmitasi Atletlar komissiyasi raisi va yaqinda XOQ Prezidenti lavozimiga saylangan Kirsti Koventri bilan uchrashdi. Oybek Omilovich Koventri xonimni XOQ faoliyatidagi tarixiy saylovda gʻalaba qozongani bilan samimiy tabrikladi. Shuningdek, u K.Koventrining ushbu lavozimga saylangani XOQ rahbarligiga kelgan ilk ayol va Afrika qitʼasidan birinchi vakil sifatida Olimpiya harakati rivojida muhim oʻrin boʻlib xizmat qilishini taʼkidladi. Shu bilan birga, Oybek Omilovich Koventri xonim rahbarligida XOQ yuqori maqsadlar sari olgʻa harakat qilishini ishonch bilan taʼkidladi va uni mamlakatimizda hurmatli Prezidentimiz tomonidan olib borilayotgan sport sohasidagi islohotlar bilan tanishish maqsadida Oʻzbekistonga taklif qildi.

Ayni paytda Kuvaytdagi Bosh Assambleya ishi qizgʻin ruhda davom etmoqda. Uning kun tartibidan qitʼamiz sporti va Olimpiya qadriyatlariga oid muhim loyihalarni koʻrib chiqish oʻrin olgan.

Text to speech