12 May 2025 503

Kun dayjesti

Kuvaytda OOKning Bosh Assambleyasi oʻtkaziladi
Bugun Kuvaytda Osiyo Olimpiya Kengashining (OOK) 45-Bosh Assambleyasi boʻlib oʻtadi. Mazkur tadbirda Oʻzbekiston nomidan MOQ Bosh kotibi Oybek Kasimov ishtirok etadi. Kecha Bosh Assambleya oldidan “Yagona Osiyo” madaniy tadbiri oʻtkazilib, unda Abduhoshim Ismoilov boshchiligidagi sanʼatkorlar va “Tumor” raqs ansambli yurtimizning boy merosini namoyish etishdi. Mazkur tadbirda XOQ Prezidenti Tomas Bax ham qatnashdi.

 Yosh taekvondochilarimiz jahon chempionatida
Shu kunlarda BAAning Fujayra shahri taekvondo WT boʻyicha kadetlar oʻrtasidagi jahon chempionatiga mezbonlik qilmoqda. Musobaqaning ilk kunida hamyurtimiz Sultonbek Nabiyev -37 kg vazn toifasida oltin medalni qoʻlga kiritdi. Bugun 4 nafar yurtdoshimiz medallar uchun dayanga chiqishadi.

 Ogʻir atletika boʻyicha Osiyo chempionatida Xitoy yetakchilikni bermayapti
Xitoyning Jianshang shahrida ogʻir atletika boʻyicha kattalar oʻrtasidagi Osiyo chempionati oʻtkazilmoqda. Ayni paytgacha oʻtgan bahslarda sportchimiz Husinboy Matrasulov -67 kg vazn toifasida bronza medaliga sazovor boʻlgan. Medallar jamgʻarish boʻyicha yetakchilik qilayotgan Xitoy termasi hisobida esa 13 ta oltin, 6 ta kumush va 7 ta bronza medallari mavjud. Bugun atletimiz Hayitboy Abdushukurov -81 kg vazn toifasida medallar uchun kurashadi.

 “Roma” va Eldor Shomurodov “Atalanta”ga qarshi
Bugun futbol boʻyicha Italiya “A” seriyasining 36-tur uchrashuvlari yakunlanadi. Markaziy oʻyinda 68 ochko bilan 3-oʻrinni egallab turgan “Atalanta” oʻz maydonida 63 ochko jamgʻarib, Yevropa chempionlar ligasi yoʻllanmasi uchun kurashayotgan “Roma”ni qabul qiladi. Oʻyin Toshkent vaqti bilan 23:45 da start oladi.

Text to speech