“Jismoniy tayyorgarlik darajasi” sport sinovlariga ramziy start berildi
Bugun Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida “Talabalar festivali” doirasida “Jismoniy tayyorgarlik darajasi” sport sinovlariga ramziy start berish marosimi oʻtkazildi. Unda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi departamenti rahbari Odil Abduraxmanov, Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar hamda Sport vazirliklari, Milliy Olimpiya va Paralimpiya qoʻmitalari rahbariyati ishtirok etdi.
Rasmiylar tadbirning ochilish marosimida Prezidentimiz tomonidan mamlakatimiz aholisi oʻrtasida sogʻlom turmush tarzini yanada kuchaytirish, ularning salomatligini mustahkamlash borasida olib borilayotgan ishlar oʻz samarasini koʻrsatib borayotgani haqida toʻxtalib oʻtishdi.
Taʼkidlash joiz, may oyi yurtimizdagi oliy taʼlim muassasalari uchun alohida ahamiyat kasb etmoqda. “Sport oyligi” doirasida tashkil etilayotgan ommaviy sport tadbirlari talaba yoshlarning jismoniy faolligini oshirish, shuningdek, ular orasidan iqtidor egalarini saralab olish imkoniyatini ham taqdim etmoqda.