Rasmiylar MOQning hududiy vakillari bilan ustuvor rejalarni muhokama qilishdi
Yurtimizda Olimpiya harakatini yanada rivojlantirish maqsadida Milliy Olimpiya qoʻmitasi huzurida hududiy boʻlimlar faoliyati yoʻlga qoʻyilmoqda. Bugun Sport vazirligi va MOQ rahbariyati Respublikamizning barcha maʼmuriy hududlaridan kelgan vakillar bilan uchrashdi.
Uchrashuvda hududlarda Olimpiya harakatini rivojlantirishga doir ustuvor vazifalar, ularning ijrosi va infratuzilmaviy muammolar muhokama qilindi. Samimiy muhitda oʻtgan muloqot davomida har bir vakil oʻz hududida sport infratuzilmasining bugungi holati, oʻz oldiga qoʻygan reja va maqsadlari haqida gapirib oʻtdi.
MOQ raisining birinchi oʻrinbosari Otabek Umarov hududlar faoliyatini kuchaytirishda Xitoy kabi yetakchi sport davlatlarining tajribasini oʻrganish, shu bilan birga, iqtidorli yoshlarga oʻz qobiliyatlarini namoyon etish uchun imkoniyat yaratish kabi yoʻnalishlardagi takliflarni ilgari surdi.
Tadbir davomida har bir hududiy boʻlimning ishini samarali tashkil etish, muammo va kamchiliklarni chuqur tahlil qilish, shuningdek, ularni bartaraf etish mexanizmlarini ishlab chiqish lozimligi taʼkidlandi.