MOQ rahbariyati Aichi-Nagoya-2026 Oʻyinlarining delegatsiyasini qabul qildi
Oʻzbekiston Milliy Olimpiya qoʻmitasiga Aichi-Nagoya yozgi Osiyo oʻyinlari tashkiliy qoʻmitasining delegatsiyasi tashrif buyurdi. MOQ rahbariyati yaponiyalik mutasaddilar bilan boʻlajak musobaqaga hamkorlikda tayyorgarlik koʻrish mavzusida uchrashuv oʻtkazdi.
Yaponiya tomoni Oʻzbekiston MOQga tashrif buyurishdan minnatdor ekanini bildirib, mamlakatimiz Osiyoning yetakchi delegatsiyalardan biriga aylanib ulgurganini eʼtirof etdi.
Suhbat davomida mehmonlar boʻlajak oʻyinlarga tayyorgarlik borasida taqdimot namoyish etishdi. Unga koʻra, yaponiyaliklar delegatsiya aʼzolarining yashash manzillari va ochilish marosimi boʻyicha barchani hayratga soluvchi “sovgʻa” tayyorlashayotganini bildirdilar.
Oʻz oʻrnida, MOQ rahbariyati yurtimizda Sport vazirligi, federatsiya va assotsiatsiyalar bilan hamkorlikda boʻlajak Oʻyinlarga katta tayyorgarlik olib borilayotganini maʼlum qildi.
Shuningdek, tashkiliy qoʻmita vakillari Oʻzbekiston tomonining ishtiroki uchun barcha jabhada kerakli sharoitlarni yaratishga yordam berishga tayyorligini bildirishdi.




