Qahramon futbolchilarimiz tantanali kutib olindi
Saudiya Arabistoni maydonlarida oʻtgan futbol boʻyicha U17 Osiyo kubogida mardonavor ishtirok etib, chempionlikni qoʻlga kiritgan Oʻzbekiston oʻsmirlar terma jamoasi diyorimizga qaytib keldi.
Tantanali kutib olish marosimi Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportida oʻtkazildi. Unda Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Adminstratsiyasi departament rahbari Odil Abduraxmanov, Sport vazirligi, Oʻzbekiston Milliy Olimpiya qoʻmitasi, mamlakat futbol assotsiatsiyasi rahbariyati, shuningdek, futbolchilarimizning yaqinlari, muxlislar va OAV xodimlari ishtirok etishdi.
Rasmiylar yigitlarimizning butun musobaqadagi yorqin oʻyinlari, ayniqsa, mezbonlarga qarshi final bahsidagi irodali gʻalabalarini alohida eʼtirof etib, ularning kelgusi faoliyatida ham mana shunday shijoat va kuch-gʻayrat tiladilar.
Tadbirda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti, Milliy Olimpiya qoʻmitasi raisining terma jamoa aʼzolariga yoʻllagan tabrigi, musobaqa gʻoliblari va uning ishtirokchilarini mukofotlash toʻgʻrisidagi Farmoni oʻqib eshittirildi.
Shundan soʻng terma jamoa aʼzolariga Prezident sovgʻasi – avtomobillar topshirildi. Unga koʻra, futbolchilarimizga “Cobalt”, bosh murabbiyga esa “Equinox” mashinalarining kalitlari tantanali taqdim etildi.