21 Iyul 2021 1367

Nagoyaliklar Olimpiyachilarimizni qo‘llab-quvvatlaydi

Tokio-2020 yozgi Olimpiya o‘yinlari mobaynida O‘zbekiston va Yaponiya davlatlari hamkorligidagi madaniy tadbirlar davom etmoqda. Bugun Nagoya shahri meriyasi va bir guruh shahar faollari ishtirokida o‘zbekistonlik Olimpiyachilarni qo‘llab-quvvatlovchi tadbir o‘tkazildi.

Tadbir ZOOM platformasida tashkil etildi. Unda Nagoya shahri meri Kavamura Takashi, shahar faollari va u yerda bo‘lib turgan o‘zbekistonlik talaba yoshlar, shuningdek, MOQ mutasaddilari, O‘zbekiston gimnastika federatsiyasi vakillari va litsenziat badiiy gimnastikachilarimiz ishtirok etishdi.

Onlayn tadbir davomida nagoyaliklar hamyurtlarimiz uchun shaharlarining ajoyib taqdimotini o‘tkazishdi. Unda shahar tarixi, hozirgi qiyofasi, e’tiborga loyiq hududlari, tarixiy va madaniy obidalari, turli sayyohlik markazlari haqida batafsil hikoya qilindi.

Qayd etish joiz, Nagoya shahri dastavval O‘zbekiston Olimpiyachilari uchun mezbon shahar maqomida bo‘lgan. Boisi pandemiyadan avval u yerda bir qator terma jamoalarimiz Olimpiadadan avvalgi o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlarini o‘tkazishi rejalashtirilgan edi.

Tadbir yakunida Kavamura Takashi so‘z olib, o‘zbek va yapon xalqlarining bir-biriga yaqin aloqalari, madaniyati haqida batafsil gapirib, o‘zbekistonlik Olimpiyachilarga bo‘lajak musobaqada o‘zining iliq tilaklarini bildirib o‘tdi.

Text to speech