21 Iyul 2021 1464

“Ozodlik” radiosida chop etilgan “Tokioga yo‘l olgan o‘zbek yengil atletikachilari prezident vaʼda qilgan mukofot pulini kutmoqda” nomli maqola yuzasidan rasmiy munosabat

“Ozodlik” radiosining o‘zbek xizmati tomonidan 20-iyul kuni eʼlon qilingan “Tokioga yo‘l olgan o‘zbek yengil atletikachilari prezident vaʼda qilgan mukofot pulini kutmoqda” sarlavhali maqola yuzasidan Milliy Olimpiya qo‘mitasi quyidagilarni maʼlum qiladi:

O‘zbekiston sportchilarini 2020-yil Tokio shahrida (Yaponiya) bo‘lib o‘tadigan XXXII yozgi Olimpiya va XVI Paralimpiya o‘yinlariga tayyorlash bo‘yicha Respublika komissiyasi qaroriga muvofiq, Olimpiadada ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritgan sportchiga 100 million so‘m, uning murabbiysiga esa 50 million so‘m bir martalik rag‘batlantirish puli berilishi belgilangan.

Ushbu hujjatga asosan, 17 sport turi bo‘yicha 71 ta litsenziyani qo‘lga kiritgan milliy terma jamoa vakillaridan 64 nafariga 100 million so‘mdan hamda ularning murabbiylariga 50 million so‘mdan bir martalik rag‘batlantirish puli taqdim etildi.

“Ozodlik” maqolasida ilgari surilgan “Olimpiya qo‘mitasi va Yengil atletika federatsiyasi rahbariyati turli bahonalar bilan yengil atletikachilar va ularning murabbiylariga Prezident qarorida belgilangan rag‘bat puli berilmayapti”, mazmunidagi daʼvo haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi.

Birinchidan, Tokio olimpiadasida O‘zbekiston sharafini himoya qiluvchi yengil atletikachilardan 7 nafari Olimpiya o‘yinlarida qatnashish normativlarini bajargani va litsenziyalarni qo‘lga kiritgani Xalqaro yengil atletika federatsiyasi tomonidan rasman 1 iyul kuni tasdiqlangan. Joriy yilning 4 iyuldan 5 iyulga o‘tar kechasi yengil atletchilar Olimpiya o‘yinlariga yakuniy tayyorgarlik bosqichini amalga oshirish, o‘quv mashg‘ulot yig‘inlarida ishtirok etish uchun Turkiya Respublikasiga jo‘nab ketgan.

Ikkinchidan, O‘zbekiston yengil atletika federatsiyasi Milliy Olimpiya qo‘mitasiga murojaat qilib, litsenziyalarni qo‘lga kiritgan sportchilar bugungi kunda Tokioda bo‘ladigan Olimpiya o‘yinlariga jiddiy tayyorgarlik ko‘rishi kerakligini inobatga olib va pandemiya sharoitidan kelib chiqib, sportchilar sog‘ligini saqlash uchun turli ommaviy tadbirlarga jalb qilmaslik, muhim mashg‘ulotlardan chalg‘itmaslik maqsadida ularga hamda murabbiylariga beriladigan bir martalik mukofot pullarini Olimpiya o‘yinlaridan qaytgach, tantanali ravishda topshirishni iltimos qilgan.

Shunday bo‘lishiga qaramay, Olimpiya va Paralimpiya, Osiyo o‘yinlari hamda jahon chempionatlarida yuksak natijalarga erishgan, nufuzli xalqaro sport musobaqalarida Vatanimiz bayrog‘ini baland ko‘tarib kelayotgan sportchilar va ularning trenerlarini rag‘batlantirish maqsadida olimpiya yo‘llanmasini qo‘lga kiritgan tegishli sportchilar qatori yengil atletikachilardan Svetlana Radzivil Milliy olimpiya qo‘mitasi va Toshkent shahar xokimligi tomonidan 100 million so‘mdan jami 200 million so‘m, murabbiysi Milliy olimpiya qo‘mitasi tomonidan 50 million so‘m, Sadullayeva Safina Sirdaryo viloyati xokimligi tomonidan 100 million so‘m, Xodjayev Suxrob Toshkent shahar xokimligi tomonidan 100 million so‘m, Reznichenko Darya Toshkent shahar xokimligi tomonidan 100 million so‘m pul mukofotlari bilan (plastik kartalariga pul tushirish orqali) taqdirlangan.

Ayni paytda qolgan yengil atletchilar va ularning murabbiylariga ushbu mablag‘larni berish choralari ko‘rilmoqda.

Bundan tashqari, mamlakatimizda sportchi va trenerlarni moddiy qo‘llab-quvvatlash hamda ularning salomatligini yana-da mustahkamlashning noyob tizimi yaratilgan. Xususan Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 30-oktyabrdagi 878-son qarori bilan Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlari g‘olib va sovrindorlariga belgilangan miqdorda umrbod oylik to‘lovlar to‘lash hamda ularning salomatligini sanatoriy-sog‘lomlashtirish muassasalarida mustahkamlash tartibi belgilab qo‘yilgan.

Maʼlumot o‘rnida, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 25-iyundagi PQ-5160-son qaroriga asosan, Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlarida oltin medal olgan sportchilar uchun 200 ming, kumush medal uchun 100 ming va bronza medali uchun 50 ming AQSH dollari berilishi ham ko‘zda tutilgan.

O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi matbuot xizmati

Text to speech