“Besh tashabbus paralimpiadasi” musobaqalariga start berildi
Bugun Milliy Paralimpiya qoʻmitasida mahallalarda nogironligi boʻlgan shaxslar oʻrtasida oʻtkaziladigan “Besh tashabbus paralimpiadasi” ommaviy sport musobaqalariga rasmiy start berish tadbiri oʻtkazildi. Unda Sport vazirligi, Milliy Olimpiya hamda Paralimpiya qoʻmitalari, Ijtimoiy himoya milliy agentligi va Yoshlar ishlari agentligining rahbariyati ishtirok etdi.
Rasmiylar ochilish marosimida davlatimiz rahbari tomonidan aholining har bir qatlami, xususan, imkoniyati cheklangan yurtdoshlarimizning sport bilan shugʻullanishlari uchun keng imkoniyatlar yaratib berilayotgani, ularni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash borasida qator ishlar olib borilayotgani haqida alohida toʻxtalishdi.
Rejaga koʻra, “Besh tashabbus paralimpiadasi” sportning 13 turi boʻyicha oʻtkaziladi. Qayd etish joiz, yurtdoshlarimiz orasida mazkur musobaqaga qiziqish yuqori boʻlib, bugungi kungacha tashkiliy qoʻmitaga 79 000 ta ariza kelib tushgan. Ularning 43 foizini ayollar tashkil etadi.









