MOQ rahbariyati Andijondagi sport infratuzilmasining bugungi holati va undagi oʻzgarishlarni oʻrgandi
Bugun Oʻzbekiston Milliy Olimpiya qoʻmitasi rahbariyati Andijon viloyatiga tashrif buyurib, hududdagi sport infratuzilmasi va tumanlarda joylashgan bir qator sport obyektlari faoliyati bilan yaqindan tanishdi.
Tashrif doirasida mutasaddilar Asaka tumani va Andijon shahrida joylashgan qilichbozlik zallari, “Bobur Arena” stadioni, viloyat futbol akademiyasi hamda oʻyin turlari va yengil atletikaga ixtisoslashtirilgan sport maktabini koʻzdan kechirishdi. Ushbu muassasalarda yaratilgan shart-sharoitlar va ularning samaradorligi atroflicha oʻrganildi.
Safar davomida trenerlar va yosh sportchilar bilan suhbat tashkil etildi. Unda aniqlangan kamchiliklar va mavjud imkoniyatlar tahlil qilinib, qator muhim takliflar ilgari surildi.
Jumladan, yoshlar uchun yangi zallar qurish, “Bobur Arena” maydonini yengil atletika turlari uchun mos zamonaviy qoplama bilan jihozlash, chim ustidagi xokkey maydonining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash masalalari muhokama qilindi.