Oʻzbekiston Markaziy Osiyo kibersportining asosiy davlatiga aylanmoqda
O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi yurtimizda sportni rivojlantirish, musobaqalar oʻtkazish va uning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, investitsiyalar kiritish borasida muayyan ishlar olib bormoqda. Bu koʻplab kompleks musobaqalar dasturiga kiritilayotgan kibersport rivojini mamlakatimizda yangi bosqichga olib chiqish va O‘zbekistonda nufuzli musobaqalarni o‘tkazish uchun keng imkoniyatlar taqdim etadi.
Ahamiyatlisi, mazkur yo‘nalishdagi eng yirik hamkorlik PUBG MOBILE asoschisi — “Tencent”kompaniyasi bilan amalga oshirilmoqda. MOQning koʻmagida tashkil etilayotgan loyiha doirasida kompaniya 4 million AQSh dollari miqdorida sarmoya kiritadi. Bu mablagʻ musobaqalar tashkil etish, infratuzilmani kuchaytirish kabi maqsadlarda sarflanishi koʻzda tutilgan.
Qayd etish joiz, 9–13 aprel kunlari “ZOʻR TV” telekanaliga qarashli “Renaissance Hall” maydonida PUBG MOBILE bo‘yicha xalqaro turnir bo‘lib o‘tadi. Unda 15 davlatdan 1000 nafardan ortiq ishtirokchi qatnashadi. Turnirning umumiy mukofot jamg‘armasi 500 000 AQSH dollarini tashkil etadi.
Bu nafaqat mamlakatimiz, balki Markaziy Osiyo hududida PUBG MOBILE olamadagi eng yirik turnir boʻladi. “Tencent” kompaniyasi vakillari bu sabab yurtimizni mintaqaning kibersport boʻyicha markazi deya ta’rif berdi.
Shuningdek, musobaqa homiylari tomonidan g‘oliblar uchun pul mukofotidan tashqari, avtomobillar ham taqdim qilinadi.
Tadbir arafasida MOQ rahbariyati — raisning birinchi oʻrinbosari Otabek Umarov va Bosh kotib Oybek Kasimov musobaqaga tayyorgarlik bo‘yicha Oʻzbekiston kibersport assotsiatsiyasi vakillarining hisobotlarini eshitib, tashkiliy masalalar bo‘yicha qator topshiriqlar berdi.
Musobaqa MOQning kibersport yoʻnalishidagi faoliyatini kuchaytirish va unga investitsiya jalb qilish strategiyasi yoʻlida muhim qadam bo‘ldi.