21 Iyul 2021 1418

MOQ rahbari Olimpiya shaharchasidagi sharoitlar bilan tanishdi

Tokio-2020 Olimpiya o‘yinlariga yo‘l olgan O‘zbekiston delegatsiyasi Olimpiya shaharchasiga joylashdi. MOQ raisi Rustam Shoabdurahmonov mazkur obyektda yaratilgan shart-sharoitlar bilan yaqindan tanishib chiqdi.

Xabar berganimizdek, MOQ raisi o‘rinbosari, Tezkor shtab rahbari Sherzod Tashmatov boshchiligidagi guruh bir necha kun muqaddam Tokioga yetib borib, asosiy delegatsiya tashrifiga qadar jamoamiz uchun ajratilgan hududni hozirlab qo‘ydi. MOQ rahbari barcha joylarni ko‘zdan kechirib, qo‘shimcha kerakli tavsiyalarni berib o‘tdi.

Charterda tashrif buyurgan 63 nafar delegatsiya aʼzolaridan 27 nafari mehmonxonalarga joylashtirildi. Shu jumladan, 7 nafar OAV xodimlari va boshqa delegatsiya aʼzolari ham. Hozirda Olimpiya shaharchasida istiqomat qilayotgan delegatsiya vakillari 57 nafarni tashkil qilmoqda.

Bugungi kun holatiga dzyudo, akademik eshkak eshish, qilichbozlik, o‘q otish, suzish, sport gimnastikasi, taekvondo, velosport, tennis bo‘yicha milliy terma jamoalar to‘liq tarkibda Olimpiya shaharchasiga joylashtirildi. Boks, yengil atletika, erkin kurash, yunon-rum kurashi, badiiy gimnastika, og‘ir atletika, zamonaviy beshkurash, kanoeda eshkak eshish bo‘yicha milliy terma jamoalarimiz navbatma navbat 2-avgust sanasiga qadar Olimpiya shaharchasiga joylashishi kutilmoqda.

Text to speech