Kun dayjesti
Yurtimizda o‘tayotgan Parlamentlararo Ittifoqning yubiley 150-Assambleyasi doirasida O‘zbekiston Respublikasi sport vaziri Adham Ikramov, Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vaziri, mamlakat og‘ir atletika federatsiyasi raisi Sherzod Xidoyatov Qatar parlamenti Iqtisodiy-moliyaviy qo‘mitasi raisi, Qatar Olimpiya qo‘mitasi birinchi vitse-prezidenti hamda Osiyo og‘ir atletika federatsiyasi prezidenti Mohamed Yousef Al Mana bilan uchrashdi.
Futbol bo‘yicha O‘zbekiston U17 terma jamoasi Saudiya Arabistonida o‘tayotgan Osiyo kubogi guruh bosqichining ikkinchi turida Xitoy U17 jamoasi ustidan 2:1 hisobida g‘alaba qozonib, muddatidan avval mazkur yosh toifasida o‘tkaziladigan jahon chempionati yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi. O‘smirlar o‘rtasidagi mundial joriy yilning noyabr oyida Qatarda tashkil etiladi.
Futbol bo‘yicha O‘zbekiston milliy terma jamoasi va “Roma” klubi hujumchisi Eldor Shomurodov Italiya A seriyasining 31-turi doirasida “Yuventus”ga qarshi bahsda (1:1) jamoasining yagona goliga mualliflik qildi. Ikkinchi taymdan o‘yinga qo‘shilgan Shomurodov uchrashuvning eng yaxshi futbolchisi deb topildi.
Xokkey bo‘yicha “Vashington Kepitalz” klubi o‘yinchisi Aleksandr Ovechkin “Nyu-York Aylenders”ga qarshi bellashuvda raqib darvozasini ishg‘ol qilib, Milliy xokkey ligasida kiritilgan shaybalar bo‘yicha Ueyn Gretskini ortda qoldirdi va liganing eng yaxshi snayperiga aylandi. Uning hisobidagi gollar soni 895 taga yetdi.
7-aprel – Xalqaro regbi kuni. Bugun butun dunyo bo‘ylab regbining 202-yilligi nishonlanmoqda.
Bugun Xitoyning Usi shahrida qilichbozlik bo‘yicha o‘smirlar va yoshlar o‘rtasidagi Jahon chempionati boshlandi. Mazkur musobaqada O‘zbekiston terma jamoasi a’zolari ham qatnashishmoqda.