Bekzod Abdurahmonov XOQ Atletlar komissiyasining vebinarida ishtirok etdi
Xalqaro Olimpiya qo‘mitasining (XOQ) Atletlar komissiyasi tomonidan Milliy Olimpiya qo‘mitalarining Atletlar komissiyasi aʼzolari uchun yuqori darajadagi vebinar tashkil etildi. Unda O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi Atletlar komissiyasi aʼzosi, erkin kurash bo‘yicha Tokio-2020 Olimpiadasi sovrindori Bekzod Abdurahmonov ham faol qatnashdi.
Mazkur vebinarda sportchilarning haq-huquqlarini himoya qilish, ularga nisbatan yuz berishi mumkin bo‘lgan bosimlarga qarshi kurashish masalalari yuzasidan maʼruzalar o‘tkazildi. Shuningdek, faoliyatini yakunlagan atletlar uchun Olimpiya taʼlimoti asosida maxsus kurslarning yo‘lga qo‘yilgani, shu bilan birga ularni ish bilan taʼminlash borasidagi dasturlar haqida ham atroflicha maʼlumot berildi.
Bunday xalqaro miqyosdagi uchrashuvlar va tajriba almashish jarayonlari sportchilar uchun ulkan ahamiyat kasb etadi. O‘zbekistonlik atletlarning bunday nufuzli platformalarda ishtirok etishi mamlakatimiz sportchilari uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochishga xizmat qiladi.
Maʼlumot uchun, O‘zbekiston MOQ Atletlar komissiyasi 2022 yil tashkil etilgan bo‘lib, sportchilarimizning xalqaro maydondagi huquq va manfaatlarini himoya qilish barobarida mamlakatimizda Olimpizm harakatini yana-da targ‘ib qilish yo‘lida faoliyat olib boradi