18 Iyul 2021 1851

Suzish bo‘yicha litsenzion O‘zbekiston ochiq chempionatlarida sodir bo‘lgan vaziyat yuzasidan rasmiy BAYONOT

O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi faoliyati davomida doimo Olimpizmning ezgu g‘oyalari va sportdagi halol raqobatni targ‘ib qilib kelgan. Barcha milliy federatsiyalarni hamisha anti-doping va boshqa qoidalarga qatʼiy rioya etishga, xalqaro musobaqalarni o‘tkazishda o‘rnatilgan tartiblarga bo‘ysunishga va ularni hurmat qilishga chaqirgan.

Turli internet nashrlarida O‘zbekiston Respublikasi Turizm va sport vazirligining taqvim rejasidan o‘rin olgan bo‘lib, Xalqaro suzish federatsiyasi (FINA) shafeligida o‘tkazilgan suzish bo‘yicha litsenzion O‘zbekiston ochiq chempionatida yuz bergan vaziyat katta muhokamalarga sabab bo‘lmoqda. O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi ushbu holatga o‘z pozitsiyasini quyidagicha bildirib o‘tadi:

O‘zbekiston suzish federatsiyasining xabar berishicha, musobaqa yakunlanganidan keyin 2021 yilning 21 aprel sanasida unda ishtirok etgan hindistonlik sportchi Likit Selvarash Prema turnir davomida nohaqlikka yo‘l qo‘yilgani, mahalliy sportchilarning vaqtlari noto‘g‘ri ko‘rsatilgani haqidagi videomurojaatini “YouTube” ijtimoiy tarmog‘iga joylaydi.

Qayd etish joiz, litsenzion O‘zbekiston ochiq chempionatlariga Milliy Olimpiya qo‘mitasi rahbariyati doimiy tashrif buyurib turgan, o‘z navbatida, MOQ Tezkor shtab vakili Mirsardor Alimov ham musobaqani muntazam kuzatib borgan.

Musobaqadan so‘ng shu yerning o‘zida kichik yig‘ilish tashkil etib, tayyorgarlik jarayonini yana-da kuchaytirish, mashg‘ulotlar sifatini oshirish bo‘yicha mutasaddilarga tegishli ko‘rsatmalar berilgan.

Turnirlar yakunlangach, O‘zbekiston suzish federatsiyasi musobaqalar protokolini MOQga taqdim qilgan va unda 5 nafar atletimizning Tokio-2020 normativini bajargani ko‘rsatib o‘tilgan. Taqdim etilgan protokollarda belgilangan qoidalarning buzilishi, shu jumladan, keyinchalik hindistonlik suzuvchi tomonidan qayd etilgan voqea haqida maʼlum qilinmagan.

Shuningdek, biror xorijiy delegatsiya tomonidan, jumladan, Hindiston jamoasi tomonidan mazkur litsenzion turnirlar bo‘yicha shikoyat yoki eʼtiroz kelib tushmagan.

Shu bilan birga, O‘zbekiston suzish federatsiyasining maʼlumotiga ko‘ra, FINA ushbu turnirlarda qayd etilgan natijalarni tan olmadi. O‘zbekiston suzish federatsiyasi bosh kotibi Alisher G‘aniyevning so‘zlariga ko‘ra, FINA bu bo‘yicha Toshkentga rasmiy xat jo‘natmagan. Biroq O‘zbekiston suzish federatsiyasi bir necha bor FINAga taqdim etilgan maʼlumotlarga aniqlik kiritish uchun xabar yo‘llagan va hatto bu masala bo‘yicha Sport arbitraj sudiga (CAS) murojaat qilgan.

Yakunda esa xalqaro tashkilot yo‘llagan “Universal Place” asosida faqatgina 2 nafar hamyurtimiz Xurshidjon Tursunov va Natalya Kritinina Tokio-2020 Olimpiya o‘yinlariga yo‘llanma olishdi.

O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi, shuningdek, O‘zbekiston sport faxriylari kengashi rasmiy ravishda ushbu holat hech qanday sport tamoyillariga mos kelmasligini va Olimpizm qadriyatlariga mutlaqo zid ekanligini maʼlum qiladi. O‘z o‘rnida, boshqa federatsiyalar va sport tashkilotlaridan ham belgilangan qoidalarga qatʼiy rioya qilishni so‘raydi.

Shundan kelib chiqqan holda O‘zbekiston suzish federatsiyasi Prezidiumidan quyidagilarni talab qiladi:

  1. Yuqoridagi vaziyatni ko‘rib chiqish, o‘rganish hamda unga huquqiy baho berish uchun Turizm va sport vazirligi, Milliy Olimpiya qo‘mitasi, O‘zbekiston sport faxriylari kengashi va O‘zbekiston suzish federatsiyasi mutaxassislaridan iborat ishchi guruh tuzish;
  2. Xalqaro suzish federatsiyasidan (FINA) litsenzion musobaqada qayd etilgan natijalarning nima sababdan bekor qilingani haqidagi materiallarni taqdim qilishini so‘rash;
  3. Federatsiya bosh kotibi Alisher G‘aniyevni vaqtincha o‘z lavozimidan chetlatilishini.

O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi rahbariyati

O‘zbekiston sport faxriylari kengashi

Text to speech