Yosh dzyudochilar Bobonovga “chaqiruv” tashlashdi
Dzyudo boʻyicha soʻnggi ikki “Katta dubulgʻa” turnirlarining yakuniga koʻra oʻzbek sporti uchun muhim bir faktga eʼtiboringizni qaratmoqchimiz. Toshkent va Tbilisi shaharlarida oʻtgan musobaqalarning -90 kg vazn toifasida kechgan bahslarida oʻzbekistonlik sportchilar Shahzodxoʻja Sharipov va Umar Bozorov oltin medalni qoʻlga kiritishdi. Bu natija -90 kg toifasida yurtimizda yangi nomlar yetishib chiqayotganini koʻrsatmoqda.
Buni tasodif yoki omadga buradiganlar ular qurʼada bosib oʻtgan yoʻlga nazar tashlashsa, bir qator kuchli nomlarni uchratishlari mumkin. Sharipov musobaqani 2017-yilgi jahon chempioni, uch karra karra Olimpiada ishtirokchisiga qarshi boshlab, yoshlar oʻrtasidagi ikki karra jahon chempioni bilan tugatdi.
Bozorov esa erkaklar dzyudosida dunyoning eng kuchli terma jamoalaridan biri deb eʼtirof etiladigan, -90 kg vaznda soʻnggi ikki Olimpiadada chempionlikni hech kimga bermagan Lasha Bekaurining yurti – Gruziyada kurashdi. Toʻgʻri, Lasha bu gal kurashmadi, lekin ogʻir vazn toifasida Gruziyada doim kuchli dzyudochilar yetishib chiqqan. Toshkentdagi turnirda qatnasha olmagan Umar Tbilisida oʻziga berilgan imkoniyatdan ajoyib foydalandi va birinchi raqam boʻlishga daʼvogarlardan ekanini koʻrsatdi.
7-8 yil avval terma jamoamizdagi muammoli vazn boʻlib kelgan mazkur toifa bugungi kunda eng raqobatbardosh, iqtidorli yigitlar jam boʻlgan “liga”ga aylanmoqda. Albatta, bu barchamizni xursand qiladi. Yangi murabbiylar shtabining ishi qisqa vaqt ichida koʻrinmoqda.
Bu ikki yigit orasiga jarohatidan qutilib, mashgʻulotlarga kirishayotgan Davlat Bobonov ham yaqin orada qoʻshiladi. Ana undan keyin bu vaznda ichki raqobat shunchaki “yonadi”. Bobonov kamida avvalgidek formada qaytmasa, bu raqobatda unga ancha qiyin boʻlishi tayin.
Shubhasiz, bunda terma jamoadagi boshqa yigitlarni ham esdan chiqarmasligimiz kerak. Nima boʻlganda ham, ichki raqobat qanchalik yuqori boʻlsa, xalqaro maydonda natijaga erishish ehtimoli ortadi.
Yangi Olimpiya siklida terma jamoamizdagi har bir vazn toifasida ichki raqobat mana shunday ortib, murabbiylar shtabiga yaxshi maʼnodagi “bosh ogʻrigʻi” koʻpayishini tilab qolamiz.