17 Iyul 2021 1986

MOQ rahbariyati yosh xokkeychimiz Salohiddin Azimovga omad tiladi

Bir necha kun muqaddam o‘zbekistonlik yosh xokkeychi Salohiddin Azimov Rossiyaning “SKA-Yunost” klubi bilan shartnoma imzolagani haqida xabar bergan edik. Ayni paytda u Toshkentga qaytib keldi va yangi mavsumga tayyorgarlik olib bormoqda. Bugun O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi raisi Rustam Shoabdurahmonov yosh xokkeychimizni qabul qilib, unga iliq tilaklarni bildirib o‘tdi.

Uchrashuvda MOQ raisining birinchi o‘rinbosari Ravshan Irmatov, O‘zbekiston qishki sport turlari assotsiatsiyasi raisi Iskander Shadiyev, O‘zbekiston xokkey federatsiyasi bosh kotibi Shukurullo Karimov, “Binokor” xokkey klubi direktori Abdumajid Nosirov yosh xokkeychimiz va uning otasi Alisher Azimov ishtirok etishdi. Samimiy ruhda o‘tgan uchrashuvda MOQ rahbari Salohiddinga o‘zining eng yaxshi tilaklarini yo‘lladi.

“Biz ham yoshligimizda xokkeyning ashaddiy muxlisi bo‘lganmiz. Biroq unda yoshlar uchun hozirgidek ajoyib sharoitlar yaratilmagan edi. Sizlar O‘zbekistonning baxtli farzandisizlar. Yosh xokkeychilarimiz orasida aynan sen birinchi bo‘lib xorijga yo‘l olish baxtiga muyassar bo‘lmoqdasan. Ana endi orzularing sari yana-da katta qadam tashlash vaqti keldi. O‘z yurting, oilang va nomingni dunyoga mashhur qil. Bu borada biz nima yordam kerak bo‘lsa, uni hal qilishga tayyormiz”, – dedi Rustam Shoabdurahmonov.

Suhbat davomida O‘zbekiston qishki sport turlari assotsiatsiyasi va xokkey federatsiyasi mutasaddilari bilan yoshlar sportiga yana-da katta ahamiyat qaratish, respublikamizning barcha viloyatlaridan ana shunday isteʼdodli yoshlarni saralash, qishki sport turlarini yana-da rivojlantirish kabi masalalar atroflicha muhokama qilindi.

Qayd etish Salohiddin Azimov “SKA-Yunost” jamoasi bilan 2 yillik shartnomaga ega. Otasining qayd etishicha, shundan so‘ng u okean ortida AQSHning Tennessi shtati klubida faoliyatini olib borishi rejalashtirilgan.

Text to speech