16 Iyul 2021 3566

Ular Tokioga borishadi: Polvon bobosining nomini olgan Muhammadkarim Xurramov

Tokio-2020 litsenziatlarini hamyurtlarimizga yaqindan tanishtirishda davom etamiz. Bugun bo‘lajak Olimpiadada -100 kg vazn toifasida yurtimiz sharafini himoya qiladigan polvonimiz Muhammadkarim Xurramov haqida qiziqarli ma’lumotlarni taqdim etamiz.

Muhammadkarim Shokirjon o‘g‘li Xurramov 1997-yil 4-aprel kuni Surxondaryo viloyati Sherobod tumanida tavallud topgan. Samarqand dzyudo maktabi tarbiyalanuvchisi. Dzyudodagi birinchi murabbiyi otasi Shokirjon Xurramov. Shundan so‘ng Samarqandda O‘ktam Rahmonov qo‘l ostida dzyudo sirlarini o‘rgana boshladi.

Xurramov kurashchilar oilasida dunyoga kelgan. Uning bobosi Muhammadkarim ota ham Surxon vohasining taniqli polvonlaridan bo‘lgan. Bobosiga o‘xshagan polvon bo‘lsin deb otasi unga Muhammadkarim deb ism qo‘ygan. Xurramov faoliyatini -90 kilogramm vazn toifasida boshlagan. 2016-yildan yuqori natijalar qayd eta boshladi. O‘sha yili Toshkent Gran-prisida uchinchi o‘rin, yoshlar o‘rtasidagi Osiyo chempionatida esa oltin medal egasi bo‘ldi. 2018-yildan -100 kilogramm vazn toifasiga o‘tdi.

Xurramov 2019-yil ketma-ket Marrakesh va Tbilisi Gran-prilari, Osiyo chempionati va yozgi Universiada o‘yinlarida bronza medaliga sazovor bo‘ldi. 2020-yil fevral oyida Dyusseldorfda o‘tgan “Katta dubulg‘a” musobaqasida oltin medalni qo‘lga kiritdi. Bu yil Bishkekda o‘tgan Osiyo chempionatini ikkinchi o‘rinda yakunladi.

Xalqaro dzyudo federatsiyasi e’lon qilgan reyting yakuni bo‘yicha Tokio-2020 Olimpiya o‘yinlariga yo‘llanmani qo‘lga kiritdi.

Text to speech