Bahrayndagi Osiyo oʻyinlarida Dakar-2026 oʻsmirlar Olimpiadasining yoʻllanmalari oʻynaladi
Osiyo Olimpiya kengashi joriy yil Bahraynda oʻtkaziladigan III yoshlar Osiyo oʻyinlarining yakuniy sanasi, dasturlari va yosh toifalarini eʼlon qildi. Musobaqa avval rejalashtirilganidek, 22-31-oktyabr kunlari tashkil etiladi. Oʻyinlar Dakar-2026 oʻsmirlar Olimpiya oʻyinlariga litsenzion xarakterga ega boʻlgani bois, sport dasturlari va uning yosh chegaralarida oʻzgarish mavjud.
Musobaqaga jami 26 ta sport turi kiritilgan. Ularning 13 tasi Dakar-2026 dasturidan oʻrin olgan. Mazkur yoʻnalishlarda qatnashadigan atletlarning yosh chegarasi 14-17 etib belgilangan. Bunga quyidagi sport turlari kiritiladi: Yengil atletika, boks, futzal, stol tennisi, sohil kurashi, badminton, veloshosse, dzyudo, taekvondo, 3x3 basketbol, konkur, suzish va triatlon.
Quyidagi 13 sport turida yosh chegarasi 15-18 ni tashkil etib, ularda Dakar-2026 litsenziyalari oʻynalmaydi: tuyalar poygasi, golf, kabaddi, tekbol, ogʻir atletika, otlar marafoni, gandbol, aralash jang sanʼati turlari, voleybol, kibersport, jiu-jitsu, muay-tay, sport kurashlari (yopiq inshootda).