Oybek Kasimov Gruziya sport vaziri bilan uchrashdi
Bugun Gruziya Bosh vaziri Irakli Kobaxidze boshchiligidagi delegatsiya yurtimizga rasmiy tashrif bilan yetib keldi. Delegatsiya tarkibidagi mamlakat sport vaziri Shalva Gogoladze Oʻzbekiston Milliy Olimpiya qoʻmitasiga tashrif buyurdi.
Mehmon uchrashuv doirasida Qoʻmita Bosh kotibi Oybek Kasimov hamda Oʻzbekiston Respublikasi Sport vazirining oʻrinbosari Shahrullo Mahmudov bilan ikki tomonlama hamkorlikning yangi bosqichlari borasida fikr almashdi. Suhbat davomida yirik kompleks musobaqalarga tayyorgarlik koʻrishda har ikki davlat terma jamoalari ishtirokida qoʻshma yigʻinlar oʻtkazish, mutaxassislar oʻrtasida tajriba almashish kabi masalalar muhokama qilindi.
Uchrashuv Oʻzbekiston va Gruziya oʻrtasidagi doʻstona aloqalarni sport sohasida yanada mustahkamlash muhim ekani va mazkur yoʻnalishdagi hamkorlik yangi bosqichga koʻtarilishini koʻrsatdi.