15 Iyul 2021 1671

Tokio-2020: Delegatsiyamizga oid qiziqarli faktlar

Tokio-2020 Olimpiya o‘yinlari O‘zbekiston delegatsiyasi uchun bir qator qiziqarli faktlar bilan tarixga kirmoqda. Misol uchun, ilk bor zamonaviy beshkurash sportida Olimpiya o‘yinlariga yo‘llanma oldik, bu Olimpiadada ayol sportchilarimiz soni har qachongidan ham ko‘p bo‘lmoqda. Eʼtiboringizga shu va boshqa qiziqarli faktlarni taqdim qilamiz:

  • O‘zbekiston sportchilari 2020 yil Yaponiyaning Tokio shahrida o‘tkaziladigan XXXII yozgi Olimpiya o‘yinlariga sportning 17 turida jami 71 ta yo‘llanmani qo‘lga kiritdilar. Bu delegatsiyamiz tarixida sport turlari soni bo‘yicha rekord ko‘rsatkichdir;
  • Prezidentimizning xotin-qizlar sportini rivojlantirishga qaratayotgan eʼtiborlari bilan Tokio-2020 Olimpiadasida litsenziya qo‘lga kiritgan ayol sportchilarimiz soni 30 taga yetdi. Bu Olimpiadalarda Mustaqil O‘zbekistonning ayollar sportida qayd etayotgan yana bir rekordi;
  • Tokio-2020 Olimpiya o‘yinlarida birinchi marotaba 3 nafar ayol dzyudochi bilan, shuningdek, aralash jamoaviy yo‘nalishda ishtirok etamiz. Bu yo‘nalishda dunyoda eng kuchli 12 jamoagina medallar uchun kurash olib boradi;
  • Birinchi bor zamonaviy beshkurash sport turida Olimpiya o‘yinlari yo‘llanmasini qo‘lga kiritdik;
  • Boks bo‘yicha musobaqalarda ilk marotaba 3 nafar qizimiz qatnashadi. Undagi umumiy yo‘llanmalarimiz esa 11 tani tashkil qilmoqda. Sportning ushbu turida butun dunyoda faqat 3 jamoagina shuncha bokschi bilan ishtirok etadi;
  • Hamyurtimiz Oksana Chusovitinaning nomi dunyo sport gimnastikasi tarixi sahifalariga sakkizinchi bor Olimpiada o‘yinlarida ishtirok etgan birinchi sport gimnastika ustasi sifatida bitiladi.
  • XXXII yozgi Olimpiya o‘yinlarida qilichbozlik sportida birinchi marotaba 3 ta yo‘llanma qo‘lga kiritildi;
  • Og‘ir atletika bahslarida ilk bor 2 qizimiz Olimpiada yo‘llanmasiga sazovor bo‘ldi;
  • Taekvondo bo‘yicha terma jamoamiz o‘z tarixida birinchi marta Olimpiya o‘yinlarida to‘liq tarkibda (2+2) ishtirok etadi;
  • Tokio-2020 Olimpiya o‘yinlarida Olga Zabelinskaya velosiped sportida ayollar o‘rtasida ishtirok etgan dastlabki o‘zbekistonlik sportchi bo‘lib tarixga kiradi;
  • Svetlana Radzivil 4 ta Olimpiya o‘yinlarida ishtirok etgan o‘zbekistonlik dastlabki yengil atletikachi nomiga sazovor bo‘ladi;
  • Delegatsiyamizning eng yoshi katta sportchisi. Bu borada kimning ism-sharifini keltirib o‘tishimiz ayon. Afsonaviy Oksana Chusovitina (1975-yil 19-iyun) 46 yoshida sport gimnastikasi bo‘yicha Olimpiya o‘yinlarida ishtirok etmoqda;
  • Delegatsiyamizning eng kichik sportchisi: Zaynab Dayibekova hamda Sevara Safoyeva. Eʼtiborlisi, har ikki vakilimiz ham 2002-yil 19-noyabr sanasida tavallud topishgan. Zaynab Dayibekova bo‘lajak Olimpiadada qilichbozlikning sablya yo‘nalishida ishtirok etsa, Sevara Safoyeva badiiy gimnastikaning guruh mashqi dasturida yurtimiz sharafini himoya qiladi.
Text to speech