Olimpiya shaharchasidan foydalanishda Xitoy tajribasi oʻrganilmoqda
Bugun Oʻzbekiston Milliy Olimpiya qoʻmitasi Bosh kotibi Oybek Kasimov “China sport development co.ltd” kompaniyasi rahbari Van Nin boshchiligidagi mutaxassislarni qabul qildi. Suhbatda poytaxtimizda qad rostlayotgan Olimpiya shaharchasining imkoniyatlaridan toʻliq foydalanish va bunda xorij tajribasini oʻrganish asosiy mavzu boʻldi.
Van Nin uzoq yillardan beri sport obyektlarini ekspluatatsiya qilish bilan shugʻullanib keladi. Mutaxassis Pekin-2008 yozgi va Pekin-2022 qishki Olimpiya oʻyinlari, shuningdek, Xitoyda oʻtgan boshqa koʻplab yirik musobaqalarda ulkan tajriba toʻplagan.
Oybek Kasimov uchrashuv davomida xitoylik mutaxassislarning taqdimoti bilan batafsil tanishdi. Yakunda ushbu mavzu Sport vazirligi, federatsiya va assotsiatsiyalardagi mutaxassislar bilan koʻrib chiqilishi bildirildi.






