Ular Tokioga borishadi: JCHda shohsupaga ko‘tarilgan ilk og‘ir atletikachi qizimiz Muattar Nabiyeva
“Ular Tokioga borishadi” loyihasini davom ettiramiz. Uning bugungi qahramoni og‘ir atletika bo‘yicha jahon chempionati sovrindori Muattar Nabiyeva bo‘ladi.
Muattar Abdullajon qizi Nabiyeva 1996-yil 2-iyun kuni Andijon viloyati, Baliqchi tumanida tug‘ilgan. Birinchi murabbiyi Xomitqul Madazimov. 2014-yildan O‘zbekiston terma jamoasi aʼzosi.
Nabiyeva xalqaro maydondagi ilk muvaffaqiyatiga 2016-yil erishdi. Tbilisida o‘tgan yoshlar o‘rtasidagi dunyo birinchiligida hamyurtimiz bronza medaliga sazovor bo‘ldi. 2017-yil “Islom birdamligi o‘yinlari”da bronza, Jang sanʼati va yopiq inshootlardagi Osiyo o‘yinlarida kumush medal sohibasiga aylandi.
2018-yil Osiyo chempionatini bronza medali bilan yakunladi. 2019-yil kattalar o‘rtasidagi jahon chempionatida dast ko‘tarish mashqi bo‘yicha bronza medalini qo‘lga kiritdi. Qayd etish joiz, Nabiyeva shu tariqa kattalar o‘rtasidagi jahon chempionatida shohsupaga ko‘tarilgan ilk og‘ir atletikachi qizimizga aylandi.
Hamyurtimiz joriy yil Toshkentda o‘tgan Osiyo chempionatini uchinchi o‘rinda yakunladi. Xalqaro og‘ir atletika federatsiyasi eʼlon qilgan reyting bo‘yicha Tokio-2020 Olimpiya o‘yinlariga yo‘llanma oldi.