14 Iyul 2021 1442

Maydzuru aholisi dzyudochilarimizni qo‘llab-quvvatlamoqda

Ayni kunlarda dzyudo bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi Yaponiyaning Maydzuru shahrida Tokio-2020 Olimpiya o‘yinlariga so‘nggi tayyorgarlik bosqichini olib bormoqda. Bugun Maydzuru shahri meriyasi, O‘zbekistonning Yaponiyadagi elchixonasi, O‘zbekiston dzyudo federatsiyasi tomonidan madaniy tadbir tashkil etildi.

Unda MOQ raisi o‘rinbosari, mamlakat dzyudo federatsiyasi raisi Azizjon Kamilov, Maydzuru shahri hokimiyati mutasaddilari, O‘zbekistonning Yaponiyadagi elchixonasi masʼul xodimi Muzaffar Jalilov va mahalliy aholi vakillari ishtirok etishdi.

Dastavval yig‘ilganlar terma jamoamizning ochiq mashg‘ulotiga guvoh bo‘lishdi. Shundan so‘ng tadbirning madaniy qismiga navbat berildi. Unda mahalliy yosh muxlislar terma jamoamizni qo‘llab-quvvatlovchi ko‘rgazmali qurollardan foydalanishgani sportchilarimizni o‘zgacha xushnud qildi. Shuningdek, unda o‘zbek milliy kiyimlari va urf-odatlariga oid ko‘rgazma ham tashkil etildi.

Qayd etish joiz, mazkur tadbir Maydzuru shahri meriyasi va O‘zbekiston dzyudo federatsiyasi o‘rtasida tuzilgan hamkorlik memorandumi doirasida tashkil etildi. Tadbirda Azizjon Kamilov shahar meriga federatsiyaning tashakkurnomasini topshirdi.

Text to speech