13 Iyul 2021 1574

“Dukent”da litsenziat Paralimpiyachilarimiz taqdirlanishdi

Tokio-2020 Paralimpiya o‘yinlariga litsenziya qo‘lga kiritgan sportchilarni taqdirlash marosimi bugun Angrenda davom etdi. “Dukent” sport bazasida o‘tkazilgan tadbirda O‘zbekiston Milliy Paralimpiya qo‘mitasi raisi Muxtorxon Tashxodjayev va O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Ravshan Irmatov ishtirok etishdi.

Shu kuni para-yengil atletika hamda para-akademik eshkak eshish bo‘yicha Tokio-2020 Paralimpiadasiga litsenziya qo‘lga kiritgan terma jamoa sportchilariga 100 million, ularning trenerlariga 50 million so‘mdan bir martalik mukofot pul mukofotlarining sertifikatlari topshirildi.

Marosimda so‘z olgan Muxtorxon Tashxodjayev Paralimpiya o‘yinlari ostonasida turgan sportchi va trenerlarga o‘zining samimiy tilaklarini izhor qildi. Shuningdek, O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Ravshan Ermatov ham o‘z fikrlarini bildirib o‘tdi.

“Sizlarning mana shunday sabr va matonat bilan ko‘rsatayotgan natijalaringiz har qanday tahsinga sazovor. Albatta, oldimizda katta maqsadlar turibdi. Tokioda bo‘ladigan Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlarida xalqimiz va Prezidentimiz sizlardan yuqori natijalar kutmoqda. Ishonamanki, sizlar, albatta, bu ishonchni oqlaysizlar va Mustaqilligimizning 30 yillik shodiyonasiga munosib sovg‘a bilan qaytasizlar. Barchangizga yana bir bor omad va zafarlar yor bo‘lsin”, – dedi Ravshan Irmatov.

Shundan so‘ng para-yengil atletika bo‘yicha terma jamoa aʼzolari – Sabina Suxanova, Asila Mirzayorova, Muhammad Rexsimov va Nurxon Qurbonova so‘zga chiqib, o‘zlariga nisbatan bildirilgan ushbu yuksak eʼtibor uchun Muhtaram Prezidentimizga chuqur minnatdorchilik bildirishdi hamda bu ishonchni Tokioda bo‘ladigan o‘yinlarda oqlashga vaʼda berishdi.

Text to speech