Ilk bor jahon chempionatida shohsupaga ko‘tarilgan akademik eshkak eshuvchilarimiz Toshkentga qaytib kelishdi
7-11-iyul kunlari Chexiyaning Rachitsa shahrida akademik eshkak eshish bo‘yicha 23 yoshgacha bo‘lgan sportchilar o‘rtasida jahon chempionati bo‘lib o‘tdi. Unda ishtirok etgan hamyurtlarimiz mazkur sport turida ilk bor jahon chempionati medaliga sazovor bo‘lishgan edi. Bugun sportchilarimiz Toshkentga qaytib kelishdi.
Jahon chempionatida BLM2 yo‘nalishida ishtirok etgan Yevgeniy Agafonov va Shahzod Nurmatov finalda marra chizig‘ini uchinchi bo‘lib kesib o‘tib, bronza medalini qo‘lga kiritishdi. Toshkent xalqaro aeroportida o‘tgan tantanali tadbirda O‘zbekiston ROWING& CANOE federatsiyasi mutasaddilari, sportchilarimizning yaqinlari va OAV vakillari ishtirok etishdi.
Atletlarimizni kutib olgan mutasaddilar ularni erishilgan tarixiy natija bilan muborakbod etib, kelgusi faoliyatlarida bundan ham yirik g‘alabalarni qo‘lga kiritishlarini tilab qolishdi.