Basketbolchilarimiz boʻlajak Olimpiya oʻyinlariga moʻgʻulistonlik mutaxassislar bilan hamkorlikda tayyorlanishi kutilmoqda
Bugun Oʻzbekiston Milliy Olimpiya qoʻmitasida Moʻgʻulistonning mamlakatimizdagi Favqulodda va Muxtor elchisi Dadanxu Batbatar boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi. Mehmonlarni MOQ Bosh kotibi Oybek Kasimov hamda Sport vazirining oʻrinbosari Shahrullo Mahmudov qarshi olishdi.
Moʻgʻuliston delegatsiyasi tarkibida ushbu mamlakat milliy basketbol assotsiatsiyasi prezidenti Tulga Suxbatar ham boʻlib, u 3x3 basketbol boʻyicha mutaxassis hisoblanadi. Uning boshchiligida Moʻgʻuliston jamoasi dunyo reytingida TOP oʻntalikda, qitʼamizda esa kuchli uchlikka kirgan. Janob Suxbatar sportchilarimizning jismoniy holatiga yuqori baho berib, basketbolchilarimiz bilan aynan mazkur yoʻnalishda Los-Anjeles-2028 yozgi Olimpiya oʻyinlariga yoʻllanma olishi mumkinligini taʼkidladi.
Samimiy ruhda oʻtgan suhbat davomida har ikki mamlakat federatsiyalari oʻrtasida hamkorlikni yoʻlga qoʻyish, mutaxassislarning tajriba almashishlari uchun seminarlar oʻtkazish kabi mavzularda fikr almashildi.





