Rustam Assakalov va Diyora Keldiyorovani tabriklaymiz!
Bugun Tokio-2020 litsenziatlari kurashchi Rustam Assakalov va dzyudochimiz Diyora Keldiyorova tavallud ayyomlarini nishonlashmoqda.
Rustam Assakalov 1984-yil 13-iyul kuni dunyoga kelgan. Xalqaro toifadagi sport ustasi. Assakalov 2015-yil AQSHning Las-Vegas, 2019-yilda Qozog‘istonning Nur-Sultan shahrida o‘tkazilgan jahon chempionatlarining mos ravishda kumush va bronza medallari sohibi hisoblanadi. Taʼkidlash joiz, ushbu dunyo birinchiliklaridagi muvaffaqiyat unga Rio-2016 va Tokio-2020 Olimpiya o‘yinlari yo‘llanmasini taqdim qildi. Kurashchimiz 2014-yilgi Incheondagi Osiyo o‘yinlarida chempionlik shohsupasiga ko‘tarilgan bo‘lsa, 2018-yil Jakartada kumush medal bilan taqdirlangan. Shuningdek, uning hisobida Osiyo chempionatining 2 tadan oltin, kumush va bronza medallari mavjud.
Diyora Keldiyorova 1998-yil 13-iyul kuni Samarqand viloyatida tug‘ilgan. Keldiyorova 2015-yil kadetlar o‘rtasidagi o‘tkazilgan jahon chempionati g‘olibi, 2016-yil Toshkent Gran-prisida kumush medalni qo‘lga kiritgan. 2019-yil Diyora uchun chinakam omadli o‘tdi, deyish mumkin. Zero, o‘sha yil sportchimiz Osiyo chempionatida oltin, jahonning eng kuchli dzyudochilari qatnashadigan Masters turnirida bronza medaliga sazovor bo‘ldi. 2021-yil Antaliyada o‘tgan “Katta dubulg‘a” turnirida ham oltin, Bishkekda o‘tgan Osiyo chempionatida kumush medalni qo‘lga kiritdi. Xalqaro dzyudo federatsiyasi eʼlon qilgan reyting bo‘yicha Tokio-2020 yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi.
O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi har ikki hamyurtimizni tavallud kuni bilan tabriklab, ularga uzoq umr, sihat-salomatlik va bo‘lajak Olimpiadada shohsupaga ko‘tarilishlarini tilab qoladi.