Sport vazirligi va MOQ rahbariyati oldinda turgan sport tadbirlariga tayyorgarlik jarayonini muhokama qildi
Bugun Sport vaziri Adham Ikramov va Otabek Umarov boshchiligidagi MOQ rahbariyati ishtirokida yaqin davr ichida kutilayotgan o‘zbek sporti uchun muhim musobaqalarga tayyorgarlik masalalari ko‘rib chiqildi. Unda Xarbin-2025 qishki Osiyo o‘yinlari va joriy yil o‘tkaziladigan boshqa yirik musobaqalar haqida so‘z bordi.
Dastlab O‘zbekiston delegatsiyasining Xarbin shahrida o‘tadigan qishki Osiyo o‘yinlariga olib borayotgan hozirlik jarayoni ko‘rib chiqildi. Qo‘mita raisi o‘rinbosari Sh.Tashmatov sportchilarimiz bugungi kunda tayyorgarlikning so‘nggi bosqichini olib borishayotgani, ular uchun barcha sharoitlar yaratilgani haqida ma’lumot berdi.
Shuningdek, 28-fevral – 2-mart kunlari Toshkentda o‘tadigan dzyudo bo‘yicha “Katta dubulg‘a” turniri va joriy yil kutib turgan boshqa kompleks musobaqalarga tayyorgarlik bo‘yicha ham to‘xtalib o‘tildi. Uchrashuvda 2025-yilgi sport tadbirlari O‘zbekiston delegatsiyasining Aichi-Nagoya-2026 yozgi Osiyo va Los-Anjeles-2028 yozgi Olimpiya o‘yinlariga tayyorgarligi bo‘yicha kamchilik va muammolarini ko‘rib olishda muhim ekani ta’kidlandi.



