27 Yanvar 2025 420

MOQ rahbariyati Qashqadaryo sportining 2025-yilgi ustuvor rejalari bilan tanishdi

Bugun Osiyo Olimpiya kengashi vitse-prezidenti, MOQ raisining birinchi oʻrinbosari Otabek Umarov boshchiligidagi ishchi guruh Qashqadaryo viloyatida xizmat safarida boʻldi. Tashrif davomida rasmiylar tomonidan sportning bir qator yoʻnalishlarida oʻrganish ishlari olib borildi.

Mutasaddilarning dastlabki manzili Qarshi Olimpiya va Paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazi boʻldi. Rasmiylar oʻquvchilarni qishki attestatsiyadan oʻtkazishning yakuniy natijalari va ularning fanlarni oʻzlashtirish darajasi bilan tanishishdi. Qolaversa, oʻquvchilarga yaratilgan sharoitlar ham koʻzdan kechirildi.

Safar davomida viloyat sport boshqarmasining faoliyati ham oʻrganildi. Qayd etish joiz, ishchi guruh Adaptiv sport turlari assotsiatsiyasi hamda federatsiyalarning hududiy vakillari bilan mavjud muammolarni bartaraf etish, yoshlar uchun yanada qulayliklar yaratish borasida muntazam fikr almashib bordi. Suhbat davomida viloyat sport boshqarmasining 2025-yil uchun rejalari, jumladan, quriladigan yangi obyektlar loyihasi koʻrib chiqildi.

Shuningdek, Gʻuzor tumanidagi sport maktabi hamda milliy va olimpiya sport turlariga ixtisoslashtirilgan maktab-internati ham koʻzdan kechirildi. Reja koʻra, maktab-internatlari kelgusida Prezident qarori bilan Oliy sport mahorati maktabiga aylantirilishi kutilmoqda. Shundan kelib chiqqan holda muassasadagi oʻquvchilarning qishki attestatsiya natijalari va yangi tizimga oʻtish jarayoni tahlil qilindi. Qolaversa, rasmiylar maktab-internatining hovlisiga koʻchat ekib, uning kelgusida yanada chiroy ochishiga hissa qoʻshishdi.

Ishchi guruh safar davomida viloyat futbol akademiyasi hamda gimnastika sport turlariga ixtisoslashtirilgan sport maktabining faoliyati bilan ham tanishdi. Shuningdek, Qarshi shahridagi yengil atletika maydoni, aralash jang sanʼati turlari, dzyudo va boks zallarini ham koʻzdan kechirib, oʻquvchilar bilan samimiy suhbatlashishdi.

Text to speech