21 Yanvar 2025 1089

Sport tibbiyoti ilmiy-amaliy markazining yangi rejalari oʻrganildi

MOQ qoshidagi Respublika sport tibbiyoti ilmiy-amaliy markazi (RSTIAM) atletlarimizni yirik musobaqalarga tayyorlashda muhim ahamiyatga ega. Bugun MOQ raisining birinchi oʻrinbosari Otabek Umarov va Qoʻmita Bosh kotibi Oybek Kasimov RSTIAMda olib borilayotgan soʻnggi oʻzgarishlar bilan tanishdi. Mutasaddilarga Markaz direktori Kamol Sirojitdinov hamrohlik qildi.

Oʻrganish davomida yangicha qiyofa ochib, zamonaviy texniklar bilan jihozlangan reabilitatsiya boʻlimiga alohida eʼtibor qaratildi. Bu yerda sportchilarimizning musobaqadan keyingi tiklanishi uchun barcha sharoitlar yaratilib, malakali mutaxassislar biriktirilgan. Shuningdek, laboratoriya, statsionar, ilmiy-tadqiqot boʻlimlarining faoliyati ham koʻzdan kechirildi. Sportchilarga oʻz vaqtida kerakli tibbiy yordamni koʻrsatish maqsadida xirurgiya va reanimatsiya boʻlimlari ham tashkil etilishi koʻzda tutilgan. K.Sirojitdinov MOQ rahbariyatini mazkur loyiha borasidagi rejalar bilan tanishtirdi.

Qayd etish joiz, reja asosida bugun ogʻir atletika boʻyicha Oʻzbekiston terma jamoasi yangi mavsum oldidan chuqurlashtirilgan tibbiy tekshiruvdan oʻtdi. Rasmiylar sportchilarimiz bilan navbatdagi musobaqalarga tayyorgarlik, atletlarimizning oldilariga qoʻygan maqsadlari, ularning salomatligi haqida suhbatlashib, barchalariga omad tilab oʻtishdi.

Text to speech