Qilichbozlarimiz Bolgariya va Qatarda o‘tayotgan nufuzli musobaqalardagi ishtiroklarini boshlashdi
Bolgariyaning Plovdiv shahrida qilichbozlikning sablya yoʻnalishi boʻyicha Jahon kubogi bosqichi boʻlib oʻtmoqda. 39 davlatdan 400 dan ortiq sportchi ishtirok etayotgan mazkur musobaqada Oʻzbekiston terma jamoasi aʼzolari ham qatnashishmoqda.
Ortda qolgan kun ayollar oʻrtasida saralash bahslari oʻtkazildi. Unda hamyurtlarimizdan Fernanda Errera 1/32 final bosqichiga yoʻl oldi. Pley-off bahslari 26-yanvar kuni boʻlib oʻtadi. Bugun kun davomida Musa Aymuratov saralash bahslarida jang qilishi belgilab qoʻyilgan.
Shuningdek, bugun Qatar mezbonlik qiladigan shpaga boʻyicha Gran-pri turniri ham start oladi. Unda dastlabki kun qizlar oʻrtasidagi saralash bahslari oʻtkaziladi.