Qoraqalpogʻiston Respublikasida yangi formatdagi seleksion musobaqaga hozirlik jarayoni oʻrganildi
Yaqin davr ichida yurtimizda “Divizion sport musobaqalari” yoʻlga qoʻyilishi kutilayotgani haqida maʼlum qilgan edik. Oʻzbekiston MOQ raisi oʻrinbosari Sherzod Tashmatov boshchiligidagi ishchi guruh bu gal Qoraqalpogʻiston Respublikasida boʻlib, tuman va shaharlarda olib borilayotgan hozirlik ishlari bilan tanishishdi.
Dastlab soha vakillari bilan yigʻilish oʻtkazilib, 2025-yil rejalari, musobaqalarni oʻtkazish borasidagi imkoniyatlar koʻrib chiqildi. Shundan soʻng hududlardagi sport zallari va muassasalar faoliyati koʻzdan kechirildi. Ishchi guruh safar davomida dzyudo, boks zallarida boʻlib, u yerda shugʻullanayotgan yoshlarning mashgʻulotlarini kuzatdi va natijadorlikni oshirish boʻyicha kerakli tavsiyalarni berdi.
Taʼkidlash joizki, “Divizion sport musobaqalari” seleksion harakterga ega boʻlib, Respublikamizning barcha hududlarida sport maktablari va xususiy klublar miqyosida oʻtkazilishi kutilmoqda. Bellashuvlarga start berilgunga qadar Sport vazirligi, MOQ, federatsiyalarning hududiy boʻlimlari bilan hamkorlikda joylardagi tayyorgarlik holati oʻrganib chiqiladi.






