Soha mutaxassislari antidoping boʻyicha oʻz bilimlarini oshirishdi
Antidoping sport sohasida hamisha eng dolzarb mavzulardan biri boʻlib kelgan. Shu bois mutaxassislarning bu boradagi bilimlarini oshirib borish, ularni eng soʻnggi oʻzgarishlardan xabardor qilib turish muhim sanaladi. Oʻzbekiston Milliy antidoping agentligi tomonidan 2025-yil uchun ishlab chiqilgan oʻquv rejasi asosida “Antidoping taʼlimoti” mavzusida seminar oʻtkazildi. Uch kun davom etgan tadbirda federatsiya va assotsiatsiyalarda faoliyat olib borayotgan soha mutaxassislari ishtirok etishdi.
Seminarning birinchi kunida Butunjahon antidoping kodeksidagi sport federatsiyalarining roli va majburiyatlari, qoidabuzarlik turlari, test topshirish jarayoni, ADEL platformasi va Milliy antidoping agentligi bilan hamkorlikda ishga tushirilgan talim-uznada.uz platformasidan foydalanish boʻyicha maʼlumot berildi. Ikkinchi va uchinchi kun ADAMS tizimidan toʻgʻri foydalanish va bunda yuzaga keladigan xatoliklar, talab etiladigan maʼlumotlarni toʻgʻri toʻldirish kabi mavzularda maʼruzalar qilindi.
Seminar davomida 30 ga yaqin federatsiyalar masʼullari oʻzlarini qiziqtirgan savollariga javob olishdi. Yakunda ishtirokchilarga sertifikatlar topshirildi.