15 Yanvar 2025 30

MOQ rahbariyati Milliy futbol markazidagi qurilish jarayonini koʻzdan kechirdi

Ayni davrda Toshkent viloyatining Yuqori Chirchiq tumanida oʻzbek sportidagi yana bir bunyodkorlik loyihasi – Milliy futbol markazi qurilishi olib borilmoqda. Milliy Olimpiya qoʻmitasi va Oʻzbekiston futbol assotsiatsiyasi rahbariyati ushbu jarayon bilan yaqindan tanishdi.

OʻFA birinchi vitse-prezidenti Ravshan Irmatov loyiha haqida batafsil maʼlumot berar ekan markaz hududida 280 kishiga moʻljallangan zamonaviy mehmonxona, futbol mutaxassislarini tayyorlash va ilmiy-tadqiqot markazi, milliy terma jamoalar bazasi, Respublika futbol akademiyasi, sport tibbiyoti va reabilitatsiya markazi faoliyat olib borishi haqida taʼkidladi. Shuningdek, qurilish jarayonida sifatli materiallardan foydalanishga ahamiyat qaratilayotganini qoʻshimcha qildi.

Oʻz navbatida Osiyo Olimpiya kengashi vitse-prezidenti, MOQ raisining birinchi oʻrinbosari Otabek Umarov mazkur loyiha kelgusida oʻzbek futbolining yuqori darajaga koʻtarilishida muhim platforma vazifasini bajarishi haqida toʻxtalib, unda xorij tajribasidan keng foydalanish borasida takliflarini ilgari surdi. Mutasaddilar oʻrganish ishlari davomida obyektni batafsil koʻzdan kechirib, ish samaradorligini oshirish boʻyicha fikr almashishdi.

Text to speech