13 Yanvar 2025 95

Olimpiadalarda oʻzbek sportchilariga magʻlub boʻlgan mashhurlar

Olimpiya oʻyinlarida oʻzbekistonlik atletlarga magʻlub boʻlib, musobaqani koʻngildagidek yakunlay olmagan sportchilar haqida hikoya qilishda davom etamiz. Bu gal eʼtiboringizni yana dzyudo bahslariga qaratamiz.

London-2012 yozgi Olimpiya oʻyinlari. Dzyudo boʻyicha -60 kg vazn toifasi chorak final juftliklarining birida Rishod Sobirov hamda braziliyalik Felipe Kitadai toʻqnash kelishdi. Shubhasiz, oʻsha kuni raqibidan kuchliroq boʻlgan Sobirov ippon bahosi bilan yarim finalga yoʻl oldi. Biroq hamyurtimiz final ostonasida imkoniyatni boy berib, yakunda bronza medaliga ega chiqdi. Qizigʻi, dzyudo qoidalariga koʻra, chorak finalda yengilgan sportchi ham shohsupaga koʻtarilish imkoniyatini saqlab qoladi. Bundan unumli foydalangan Kitadaiga ikkinchi bronza medali nasib etdi.

Rio-2016 yozgi Olimpiya oʻyinlari. Jahon chempionatining kumush medali sohibi Kitadai oʻz yurtida oʻtgan Olimpiya oʻyinlarida medallarga asosiy daʼvogarlardan biri sifatida eʼtirof etildi. Biroq bu gal ham chorak finalda imkoniyatni boy berdi. Bronza medali uchun oʻtish bosqichida esa 22 yoshli Diyorbek Oʻrozboyev uning yoʻliga toʻgʻanoq boʻldi. Muxlislari koʻz oʻngida magʻlub boʻlgan Felipe yettinchi oʻrin bilan cheklandi. Diyorbek esa yakunda shohsupaning uchinchi pogʻonasidan joy oldi. Bu braziliyalik dzyudochining Olimpiadalardagi soʻnggi ishtiroki boʻlib qoldi.

Shu tariqa, Rishod Sobirov Braziliya dzyudosining taniqli nomlaridan birini London-2012 yozgi Olimpiya oʻyinlarida oltin medaldan mosuvo qilgan boʻlsa, Diyorbek Oʻrozboyev Rioda butunlay medalsiz qoldirdi.

Text to speech