Joriy yilga belgilangan kompleks musobaqalarga tayyorgarlik masalasi muhokama markazida
2025-yil ham sport olamida bir qator kompleks musobaqalar oʻtkazilishi belgilangan. Bugun Sport vaziri Adham Ikramov va Otabek Umarov boshchiligidagi Oʻzbekiston MOQ rahbariyati ishtirokida ushbu yil kutib turgan ana shunday oʻyinlarga tayyorgarlik mavzusida yigʻilish oʻtkazildi. Yigʻilish avvalida Sport vazirligi boshqarma boshligʻi Akrom Nizametdinov 2025-yil kutib turgan kompleks musobaqalar, tashkiliy qoʻmita talablariga koʻra ularda ishtirok etish boʻyicha yosh chegaralari, Oʻyinlarga kiritilgan sport turlari kabi umumiy maʼlumotlarni berib oʻtdi.
Dastavval, 7-14-fevral kunlari Xitoyning Xarbin shahrida oʻtishi rejalashtirilgan IX qishki Osiyo oʻyinlariga olib borilayotgan hozirlik koʻrib chiqildi. Unda Qoʻmita raisi oʻrinbosari Sherzod Tashmatov Oʻyinlarda ishtirok etishi kutilayotgan atletlar, sport turlari, terma jamoalarning tayyorgarligi borasida batafsil maʼlumot berdi. Shuningdek, har bir sportchining qaysi sanada Xarbinga yetib borishi, olib borayotgan mashgʻulotlari haqida ham toʻxtalib oʻtdi.
Oʻz oʻrnida, Osiyo Olimpiya kengashi vitse-prezidenti, MOQ raisining birinchi oʻrinbosari Otabek Umarov delegatsiya aʼzolarining tayyorgarligi aʼlo darajada boʻlishi lozimligi, mazkur musobaqa Milan-Kortina-2026 qishki Olimpiya oʻyinlariga hozirlik koʻrayotgan atletlarimizning imkoniyatini koʻzdan kechirishga yordam berishini taʼkidladi. Qolaversa, sportchilarimizning manzilga kerakli muddatlarda yetib borishlarini taʼminlash, ularning ekipirovkalarini yana bir karra nazoratdan oʻtkazish, Atletlar shaharchasida delegatsiya aʼzolari uchun barcha zarur sharoitlarni yaratish kabi yoʻnalishlar boʻyicha tavsiyalar berildi.
Suhbatda kompleks musobaqalarga yoshlar terma jamoasi aʼzolarini ham keng jalb qilish, bu orqali ularning mahorati va xalqaro tajribasini oshirib borish muhimligi borasida fikrlar bildirildi.