Tokio-2020 Paralimpiya o‘yinlariga yo‘llanma qo‘lga kiritgan para-dzyudo va para-pauerliftingchilar taqdirlandi
Toshkent viloyatining so‘lim Bo‘stonlik tumanida joylashgan Beldersoy oromgohida Tokio-2020 yozgi Paralimpiya o‘yinlariga litsenziya qo‘lga kiritgan para-dzyudo hamda para-pauerliftingchilar hamda ularning trenerlari taqdirlanishdi.
Taqdirlash marosimida O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi raisi Rustam Shoabdurahmonov hamda O‘zbekiston Milliy Paralimpiya qo‘mitasi raisi Muxtorxon Tashxodjayev ishtirok etishdi. Tantanali marosimda XVI yozgi Paralimpiya o‘yinlariga litsenziya qo‘lga kiritgan sportchilarga 100 million so‘m, ularning trenerlariga 50 million so‘m miqdorida bir martalik pul mukofotlari sertifikatlari topshirildi.
O‘z navbatida, Paralimpiyachilar nomidan so‘zga chiqqan Uchqun Quranbayev, Dovurxon Karomatov, Farhod Umrzoqov, Sevinch Salayeva hamda Vasila Aliboyeva davlatimiz tomonidan ularga qaratilayotgan yuksak eʼtibor hamda g‘amxo‘rlikdan minnatdorligini bildirishdi va Yurtboshimiz tomonidan bildirilgan ushbu yuksak ishonchni oqlash uchun Paralimpiya o‘yinlarida bor kuch va salohiyatini ishga solgan holda yuqori natijalar ko‘rsatishga vaʼda berishdi.