Yosh xokkeychimiz Chexiyadagi oʻyinlari bilan ekspertlar eʼtiborini tortmoqda
2019-yil 15-mart. Poytaxtimizdagi “Humo arena” muz saroyining tantanali ochilish marosimida Prezident Shavkat Mirziyoyevga xokkey va figurali uchish bilan shugʻullanadigan ikki yosh sportchi hamrohlik qilgan edi. Bugun ana shu yosh bolakay Salohiddin Azimov oʻz tengqurlari orasida ancha kuchli xokkeychiga aylandi. Hamyurtimiz hozirda “Motor České Budějovice” (Chexiya) klubining yoshlar jamoasida faoliyat olib bormoqda.
Bugungi kunga kelib, Azimov klubining asosiy oʻyinchilaridan biri boʻlib ulgurgan. Soʻnggi 10 oʻyinda Salohiddin 6 ta gol va 2 ta assistni oʻz hisobiga yozdirib qoʻygan. 15 yoshli xokkeychimiz allaqachon amerikalik skautlarning eʼtiboriga tushib ulgurgan. Biroq yosh chegarasi bilan bogʻliq toʻsiqlar sabab professional shartnoma imzolay olgani yoʻq.
Salohiddin hozircha yevropalik tengqurlari orasida oʻz tajribasini oshirishda davom etadi. Kelgusida uning okean ortida eng kuchli ligada oʻynashini tilab qolamiz.
