9 Yanvar 2025 488

Olimpiadalarda oʻzbek sportchilariga yengilgan mashhurlar

Bugun 4 yillikning eng nufuzli musobaqasida oʻzbekistonlik sportchilarga imkoniyatni boy bergan yana bir taniqli atlet haqida gaplashamiz. Bu gal eʼtiboringizni ogʻir atletika bahslariga qaratsak. Toʻgʻri, bu sportda ishtirokchilar toʻgʻridan toʻgʻri kontaktga kirishmasalar ham, bir-birlariga qarshi bellashishlarini inobatga olish mumkin.

Rio-2016 yozgi Olimpiya oʻyinlari. 19 yoshli armanistonlik Simon Martirosyan optimal sport formasidagi Ruslan Nurudinov bilan -105 kg vazn toifasida chempionlik uchun bahslashdi. Shubhasiz, tajriba borasida ancha ustun boʻlgan Nurudinov siltab koʻtarish mashqida Olimpiada rekordi bilan oltin medalni qoʻlga kiritdi.

Tokio-2020 yozgi Olimpiya oʻyinlari. Xalqaro maydonda ancha tajriba orttirgan Martirosyan bu gal -109 kgda Akbar Joʻrayev bilan Olimpiada chempionligi uchun bellashdi. Koʻplab jahon OAV vakillari oltin medal uchun bu gal Simon hamda Akbar oʻrtasida keskin raqobat kechishi haqida taʼkidlab oʻtishdi. Hatto baʼzilar armanistonlik atletning bu gal revansh olishini taxmin qildi. Biroq yakunda Joʻrayev ham Olimpiada rekordi bilan shohsupaning eng yuqori pogʻonasiga koʻtarildi va Simon ikki karra kumush medal sohibiga aylandi.

Darvoqe, ushbu maqolada tilga olingan uchala polvon 2021-yil Toshkentda oʻtgan jahon chempionatida -109 kg vazn toifasida jam boʻlishdi. Martirosyan bu gal har ikki atletimizga yengilib, bronza medali bilan cheklanishga majbur boʻldi.

Text to speech