8 Yanvar 2025 247

Olimpiadalarda oʻzbek yigitlariga magʻlub boʻlgan mashhurlar (3-qism)

Mazkur mavzu Sizlarga manzur boʻlmoqdami? Unda davom etamiz. Bugun kriteriyamizga mos keladigan yana bir taniqli sportchi, boks boʻyicha Olimpiada sovrindori, kabo-verdelik Daniel de Pina qanday qilib oʻzbek yigitlariga magʻlub boʻlgani haqida eslab oʻtamiz.

Tokio-2020 yozgi Olimpiya oʻyinlari. -51 kg vazn toifasida ishtirok etgan de Pina ikkinchi davradan bahslarga qoʻshildi va birdan ancha nomdor raqib – Rio-2016 yozgi Olimpiya oʻyinlari chempioni Shahobiddin Zoirovga roʻbaroʻ keldi. Shubhasiz, bu qarama-qarshilikda Zoirov oʻzining ustunligini namoyish eta oldi va hakamlarning yakdal qarori bilan chorak final masalasini ijobiy hal qildi. Afsuski, keyingi bosqichda Zoirov ham filippinlik raqibiga imkoniyatni boy berib, yarim final ostonasida yurishini toʻxtatgan edi.

Parij-2024 yozgi Olimpiya oʻyinlari. Biz bilgan de Pina Fransiyada butkul oʻzgacha qiyofada koʻrinish berdi. “Disney” qahramoni “Mikki Maus”ga taqlid qilib, oʻziga xos soch turmagi bilan qatnashgan de Pina yarim finalgacha yetib bordi va yaxshi maʼnoda butun ommani oʻziga qarata oldi. Final ostonasida Hasanboy Doʻsmatovning kuchli va aniq zarbalari sabab ushbu bokschining soch turmagi buzilib ketdi. Yakunda “Mikki Maus” bronza medaliga ega chiqqan boʻlsa, “Professor” oltin medal sari yana bir qadam qoʻydi va ikki karra Olimpiada chempionligiga erishdi.

Text to speech