Dzyudochilarimiz ham yaxshi niyatlar ila Olimpiadaga yo‘l olishdi
Dzyudo bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi XXXII yozgi Olimpiya o‘yinlarida ishtirok etish maqsadida Yaponiyaga jo‘nab ketdi.
Dzyudochilarimiz Tokioga kirishdan avval Maydzuru shahrida Olimpiadaga tayyorgarlik bosqichidan o‘rin olgan so‘nggi o‘quv-mashg‘ulot yig‘inini o‘tkazadi. Maydzuru – yapon dengizi sohilida joylashgan Kioto prefekturasidagi port shahar hisoblanadi.
O‘zbekiston dzyudo federatsiyasi Olimpiadaga munosib tayyorgarlik ko‘rish maqsadida Maydzuruga ikkita tarkibni jo‘natdi. Ikkinchi tarkib mashg‘ulotlarda Olimpiadada yurtimiz sharafini himoya qiladigan dzyudochilarimizga sparring-raqib sifatida yordam beradi. Maydzurudagi o‘quv-mashg‘ulot yig‘ini 19 iyulga qadar davom etadi va shundan so‘ng terma jamoamiz delegatsiyasi Tokiodagi Olimpiya shaharchasiga yo‘l oladi.
Eslatib o‘tamiz, o‘zbek dzyudosi tarixida ilk bor 10 (7 erkak, 3 ayol) nafar sportchimiz to‘rt yillikning eng nufuzli musobaqasida medallar uchun tatamiga chiqadi. Shuningdek, tarixda birinchi marotaba jamoamiy bahslarda ham ishtirok etamiz.