Olimpiadalarda oʻzbek polvonlariga magʻlub boʻlgan mashhurlar (2-qism)
Olimpiya oʻyinlariga uzoq muddat tayyorlanib, unda oʻzbekistonlik sportchilarga magʻlub boʻlgan atletlar haqida hikoya qilishda davom etamiz. Bu galgi faktlarimiz erkin kurash ustasi, puerto-rikolik Franklin Gomes haqida boʻladi.
Rio-2016 yozgi Olimpiya oʻyinlari. -65 kg vazn toifasida qatnashgan Gomes chorak finalda hamyurtimiz Ixtiyor Navroʻzov bilan toʻqnash keldi. Mahorat borasida ustun boʻlgan polvonimiz bu bellashuvda gʻalaba qozonadi. Keyinchalik Navroʻzov Olimpiya oʻyinlarining medali yoʻlida moʻgʻulistonlik raqibiga qarshi qanday dramatik bahs oʻtkazgani esingizda boʻlsa kerak.
Tokio-2020 yozgi Olimpiya oʻyinlari. Faoliyati davomida jahon chempionatlarining finaligacha borgan Gomes bu galgi Olimpiadada -74 kg vazn toifasida qatnashadi. Unga ilk bosqichda yana bir mahoratli hamyurtimiz Bekzod Abdurahmonov roʻbaroʻ keladi. Abdurahmonov – Gomes toʻqnashuvi alohida eʼtibor qaratishga arziydigan mavzu.
Maʼlumki, Bekzod mashgʻulotlarni AQShda olib boradi. Polvonimiz okean ortida aynan Gomes bilan birga bir klubda shugʻullanardi. Bu bahsni xotirlar ekan, Abdurahmonov qurʼa unga bir uyda yashab, mashgʻulotlarga birga qatnagan doʻstini ilk bosqichdayoq “sovgʻa” qilganini aytib oʻtgan. Doʻstona munosabat chetga surib qoʻyiladigan bu nuqta har ikki atlet uchun ham noqulay boʻlgani, shubhasiz. Yakunda ushbu bahs ham kurashchimizning gʻalabasi bilan tugadi va Abdurahmonov Olimpiada medali sari yurishini davom ettirdi.