Olimpiadalarda oʻzbek polvonlariga magʻlub boʻlgan mashhurlar
Olimpiya oʻyinlarida atletlarimiz shohsupaga koʻtarilish uchun dunyoning koʻplab nomdor sportchilarini magʻlubiyatga uchratishgan. Bugun bir qiziq fakt bilan boʻlishmoqchimiz. Bu Olimpiadalarda medallarga asosiy daʼvogar sanalgan, biroq har gal oʻzbek oʻgʻlonlariga magʻlub boʻlgan taniqli nom haqida boʻladi.
Nikoloz Sherazadishvili dzyudo olamida katta shuhratga ega sportchi hisoblanadi. Ispaniyalik ikki karra jahon chempioni har bir musobaqada medallarga asosiy daʼvogarlardan sanalsada, lekin hech bir Olimpiadada uning omadi kelmaydi. Tokioda ham, Parijda ham uni medallardan mosuvo boʻlishiga oʻzbek polvonlari sababchi.
Tokio-2020 yozgi Olimpiya oʻyinlari. -90 kg vazn toifasida chorak finalda imkoniyatni boy bergan Davlat Bobonov va Niko bronza medali uchun oʻtish bosqichida oʻzaro toʻqnash kelishdi. Ungacha Sherazadishvili uch bor Bobonovdan ustun kelgani uchun koʻpchilik oʻsha qarama-qarshilikda ispaniyalik sportchining imkoniyatlarini yuqori baholadi. Biroq yakun umuman boshqacha boʻldi. Davlat bir necha hafta oldin jahon chempionati finalidagi va undan avvalgi magʻlubiyatlari uchun munosib revansh oldi hamda uzoq kutilgan Olimpiada medali sari muhim qadam tashladi. Shu bilan Sherazadishvili -90 kg vazn toifasida qaytib koʻrinish bermadi.
Parij-2024 yozgi Olimpiya oʻyinlari. Qahramonimiz bu gal -100 kg vazn toifasida Olimpiada medali uchun jiddiy bel bogʻlab keldi. Biroq yana chorak finalda yengildi. Bronza medali uchun oʻtish bosqichi esa yaponiyalik amaldagi Olimpiada chempioni Aaron Volfni magʻlubiyatga uchratgach, unda shohsupaga koʻtarilish uchun umid paydo boʻldi. Biroq bu umidni endi Muzaffarbek Toʻraboyev soʻndirdi. Yarim finalda imkoniyatni boy bergan Toʻraboyev bronza medali uchun bellashuvda Sherazadishvilidan ustun kelib, taniqli ispan polvoni bu gal ham medalsiz qolishiga sababchi boʻldi.
Bunday misollarni koʻplab keltirish mumkin. Keyinchalik bu kabi qiziqarli holatlar haqida yana toʻxtalib oʻtamiz.