Ular Tokioga borishadi: 2020 yilning eng yaxshi sportchisi Davlat Bobonov
“Ular Tokioga borishadi” loyihamizni davom ettiramiz. Bugun Sizlarga dzyudo bo‘yicha jahon chempionati finalchisi Davlat Bobonovni yaqindan tanishtiramiz.
Davlat Husniddin o‘g‘li Bobonov 1997-yil 7-iyun kuni Navoiy viloyatida dunyoga kelgan. Birinchi murabbiyi Nurali Qobulov. Olimpiya o‘yinlariga Ilias Iliadis qo‘l ostida tayyorgarlik olib bormoqda.
Bobonov 2015-yildan terma jamoamizda turli musobaqalarda yurtimiz sharafini himoya qilib kelmoqda. 2018-yilgacha -81 kg vazn toifasida ishtirok etib, 2016-yilgi Toshkent Gran-prisida, yoshlar o‘rtasidagi Osiyo chempionatida g‘alaba qozondi. 2017-yil Budapeshtda o‘tgan jahon chempionatida yettinchi natijani qayd etgan.
2018-yildan -90 kg vazn toifasida kurashishni boshladi. Sal kam 2 yil yangi vaznga moslashish uchun ketdi va 2019-yilning ikkinchi yarmidan muvaffaqiyatlarga erisha boshladi. O‘sha yilning noyabr oyida Osakada o‘tgan “Katta dubulg‘a” turniridagi kumush medaldan so‘ng “ochilib ketdi” va ushbu vaznning yetakchilari qatoriga kirib bordi.
2020 Dyusseldorf “Katta dubulg‘a” turnirida g‘alaba qozondi. Shuningdek, bir qator nufuzli musobaqalarda qayd etgan natijalari evaziga yurtimizda 2020-yilning eng yaxshi sportchisi deb topildi.
2021-yil Toshkent “Katta dubulg‘a” turnirida kumush medalga sazovor bo‘ldi. Shundan so‘ng Bishkekda o‘tgan Osiyo chempionatida zafar quchdi. Roppa-rosa 1 oy muqaddam Budapeshtda o‘tgan jahon chempionatida kumush medalga sazovor bo‘ldi.
Xalqaro dzyudo federatsiyasi tomonidan e’lon qilingan reytingda -90 kg vazn toifasida beshinchi o‘rin bilan Tokio-2020 Olimpiya o‘yinlariga yo‘llanma oldi.