Osiyo boksida uch nafar hamyurtimiz eʼtirof etildi
Osiyo boks konfederatsiyasi yil yakunlari boʻyicha eng yaxshilarni eʼlon qildi. Ahamiyatlisi, unda 3 nafar hamyurtimiz oʻz yoʻnalishlarida qitʼamizda tengsiz deb topildi.
Boks boʻyicha Oʻzbekiston terma jamoasi bosh murabbiyi, “Milliy sport mukofoti-2024” tanlovida “Yilning eng yaxshi murabbiyi” nominatsiyada gʻalaba qozongan Toʻlqin Qilichev qitʼamiz boksida ham eng yaxshi ustoz deb topildi. Shuningdek, kattalar oʻrtasidagi Osiyo chempioni Feruza Kazakova U22 yosh toifasida, oʻsmirlar oʻrtasida qitʼa chempioni Maftuna Yangiyeva ham oʻz yosh toifalarida eng yaxshi deb eʼtirof etilgan.
Qolaversa, Osiyo boks konfederatsiyasi Oʻzbekiston terma jamoasining Parij-2024 yozgi Olimpiya oʻyinlarida qitʼamiz sharafini munosib himoya qilgani uchun alohida minnatdorchilik bildirdi.