Los-Anjeles-2028: Olimpiada yoʻlida regbichi qizlarimizning imkoniyati yigitlarimizga qaraganda yuqori baholandi
Sport vazirligi va MOQ mutasaddilari federatsiya hamda assotsiatsiyalarning yangi Olimpiya sikli uchun rejalari bilan tanishishda davom etadi. Bugun Oʻzbekiston regbi federatsiyasining bu boradagi rejalari koʻrib chiqildi.
Rasmiylar oʻrganish ishlari davomida jamoaviy sport turlariga alohida ahamiyat qaratishmoqda. Bugun ham terma jamoalarning moddiy texnik bazasini yaxshilash, xorijlik mutaxassislarni jalb etish, seleksiya ishlariga ahamiyat qaratish orqali natijadorlikni oshirish muhim yoʻnalish sifatida belgilab olindi. Xususan, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati raisining birinchi oʻrinbosari, mamlakat regbi federatsiyasi raisi Sodiq Safoyev Toshkent viloyati yoki poytaxtimiz hududida terma jamoa yigʻinlari uchun muqim bazani belgilab olish taklifini ilgari surdi.
Suhbatda federatsiya mutasaddilari regbi-7 boʻyicha Oʻzbekiston ayollar terma jamoasining Los-Anjeles-2028 yozgi Olimpiya oʻyinlariga yoʻllanma olish imkoniyatlarini yuqori baholashdi. Taqdimotda buning uchun tuzib chiqilgan reja haqida batafsil maʼlumot berildi. Xususan, uzluksiz oʻquv-mashgʻulot yigʻinlarini tashkil etish, terma jamoaning xalqaro musobaqalardagi ishtirokini taʼminlash, farmakologiya yoʻnalishiga eʼtibor qaratish muhim jihatlardan sanaladi.
Yigʻilish davomida federatsiya mutasaddilarining mavzu yuzasidan fikrlari oʻrganilib, Oʻzbekiston delegatsiyasini boʻlajak Olimpiya oʻyinlariga puxta tayyorlash boʻyicha ishlab chiqiladigan Prezident qarori loyihasi uchun takliflar belgilab olindi.