26 Dekabr 2024 83

Los-Anjeles-2028: Badminton ommaviyligini oshirish masalasi muhokama qilindi

Oʻzbekiston delegatsiyasi yozgi Olimpiya oʻyinlarida badminton sport turida hali ishtirok etmagan. Xoʻsh, Los-Anjeles-2028 yozgi Olimpiya oʻyinlarida uzoq kutilgan debyutga guvoh boʻlamizmi? Sport vazirligi va MOQ mutasaddilari mamlakat badminton federatsiyasi bilan ushbu masala yuzasidan yigʻilish oʻtkazishdi.

Federatsiya vakillari sportchilarimizning ilk bor Olimpiada yoʻllanmasini qoʻlga kiritishlari uchun umid borligi, buning uchun zarur jihatlar haqida toʻxtalib oʻtishdi. Avvalo, federatsiya moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, sportchilar muntazam ravishda xalqaro oʻquv-mashgʻulot yigʻinlari va musobaqalarda ishtirok etishlari,terma jamoaga xorijlik mutaxassislarni jalb qilish bu boradagi eng asosiy jihatlar sifatida sanab oʻtildi.

Badminton Toshkent shahri, Buxoro va Andijon viloyatlarida nisbatan yaxshi rivojlangan. Rasmiylar suhbat davomida Respublikamizning boshqa hududlarida ham ushbu sport ommaviyligini oshirish, iqtidorli yoshlarni saralash, murabbiylar malakasini kuchaytirish borasida kerakli tavsiyalarni berishdi. Shuningdek, asosiy terma jamoa vakillarini badminton kuchli rivojlangan janubi-sharqiy Osiyo mamlakatlariga oʻquv-mashgʻulot yigʻinlarini yuborish boʻyicha takliflar bildirildi.

Uchrashuv yakunida federatsiya faoliyatini yanada jadallashtirish, hududlarda badminton ommaviyligini oshirish boʻyicha vazifalar belgilab olindi.

Text to speech